ProSeller — Telegram va Instagram orqali sotadiganlar uchun tayyor onlayn do'kon. Dasturchi ham, alohida sayt ham kerak emas: ro'yxatdan o'tasiz, Telegram botingizni ulaysiz, mahsulot qo'shasiz va buyurtma qabul qilasiz. Quyida — ProSeller hozir nimalarni qila oladi va nimalar tez orada qo'shiladi. Har bo'limdan batafsil qo'llanmaga o'tish mumkin.
Do'kon: Telegram ichida va sayt sifatida
- Telegram Mini App. Do'kon botingiz ichida ochiladi: xaridor hech narsa o'rnatmaydi — katalogni ko'radi, savatga soladi va buyurtma beradi. Har do'konning o'z boti bo'ladi — Telegram bot.
- Do'kon sayti. Xuddi shu do'kon oddiy brauzerda ham ochiladi. Havolani Instagram bio'siga qo'ying: xaridor Telegram'siz, ism va telefon raqami bilan buyurtma beradi — Buyurtmalar.
- Ko'rinish. Bannerlar, bosh sahifadagi mahsulot bloklari (taymerli aksiyalar bilan), asosiy rang va mahsulot sahifasidagi tavsiyalar — Do'kon ko'rinishi.
- Ikki til. Admin panel, do'kon sahifalari va bot xabarlari o'zbek va rus tilida. Xaridor do'konni o'z tilida ko'radi, siz esa panel tilini UZ | RU tugmasi bilan tanlaysiz.
Katalog va import
- Mahsulot kartochkasi: 10 tagacha rasm, narx va chegirmadan oldingi narx, kirim narxi (foydani hisoblash uchun), brend, teglar va ruscha tarjima.
- Variantlar: o'lcham, rang va boshqalar — har variantning o'z narxi, qoldig'i va SKU'si.
- Kategoriyalar: kategoriya va subkategoriya, rasm yoki emoji bilan. Ro'yxatdan o'tishda nishani (Kiyim, Kosmetika, Bolalar mahsulotlari) tanlasangiz, do'kon tayyor kategoriya va opsiyalar bilan ochiladi.
- Qoldiq: buyurtma berilganda tovar band qilinadi, tugagan tovarni buyurtma qilib bo'lmaydi; har o'zgarish jurnalga yoziladi — Mahsulotlar.
- Excel yoki CSV import: yuzlab mahsulot va ularning rasmlarini bir yo'la qo'shish, narx va qoldiqni ommaviy yangilash — Import.
Buyurtmalar
- Holatlar: Yangi → Tasdiqlangan → Yetkazilmoqda → Yakunlangan yoki Bekor qilingan. Har o'zgarish buyurtma tarixida vaqti bilan saqlanadi.
- Yangi buyurtma haqida bot xodimlaringizga Telegram'da yozadi; holat o'zgarganda xaridorga ham xabar boradi. Xabar matnlarini o'zingiz o'zgartirasiz — Buyurtmalar.
- Oldindan buyurtma: tugagan mahsulotga xaridor so'rov qoldiradi, mahsulot kelganda bot unga xabar beradi — Oldindan buyurtma.
- «So'rov bo'yicha» narx: narx o'rniga «So'rov yuborish» tugmasi chiqadi, siz har xaridorga alohida narx taklif qilasiz — Xorijdan buyurtma.
To'lovlar
| Usul | Qanday ishlaydi |
|---|---|
| Naqd | Sozlash shart emas; pulni olganda buyurtmada tasdiqlaysiz |
| Payme, Click | O'z kassangiz ma'lumotlari bilan ulanadi; to'lov o'tsa, buyurtma o'zi «To'langan» bo'ladi |
| Karta orqali o'tkazma | Xaridor kartangizga o'tkazib, chekni yuklaydi; siz botda yoki panelda tasdiqlaysiz |
Payme orqali to'lovda fiskal chek uchun mahsulotlarning IKPU kodlari uzatiladi — To'lov tizimlari.
Yetkazish va olib ketish
- Yetkazish usullari: bepul, belgilangan narxli yoki narxi keyin kelishiladigan tashqi xizmat (Yandex, BTS...); har biriga minimal summa va muddat.
- Filiallar: olib ketish manzili, telefoni va ish vaqti.
- Butun do'kon uchun minimal buyurtma summasi va bepul yetkazish chegarasi — Yetkazish va filiallar.
Mijozlar, izohlar va chat
- Mijozlar bazasi: har xaridorning buyurtmalari, jami xaridi, manzillari, holati (yangi, faol, qaytgan) va faqat xodimlar ko'radigan ichki izohlar.
- Izohlar: faqat buyurtmasi yakunlangan xaridor yozadi; siz tasdiqlaysiz va do'kon nomidan javob berasiz.
- Chat: Telegram orqali kirgan xaridor bilan do'kon ichida yozishma — Mijozlar, izohlar va chat.
Marketing
- Promo kodlar: foiz yoki summa, limitlar, muddat va bitta mijoz uchun shaxsiy kod.
- Rassilka: bot orqali matnli yoki rasmli xabar, tilga qarab, belgilangan vaqtda.
- Giveaway: bot havolasi yoki do'kondagi «Giveaway'lar» sahifasi orqali qatnashish, g'oliblar belgilangan vaqtda tasodifiy tanlanadi — Promo kodlar, rassilka va giveaway.
- Kanal va guruhga post: rasm, matn, 10 tagacha mahsulot tugmasi va «Katalogni ochish» — Telegram bot.
- Sodiqlik dasturi: ro'yxatdan o'tish, buyurtma, xarid summasi va izoh uchun ballar; ballar shaxsiy chegirma kodiga almashtiriladi — Sodiqlik dasturi.
Analitika
- Bosh sahifa: daromad, buyurtmalar, yangi mijozlar, top mahsulotlar va mijozlar — Boshlash.
- Metrikalar: savdo, mahsulotlar va yalpi foyda, savatcha va tashlab ketilgan savatlar, qidiruv (topilmagan so'rovlar bilan), tashriflar va konversiya — Metrikalar.
Jamoa
Har xodimga alohida login va rol bering: xodim panelda faqat ruxsati bor bo'limlarni ko'radi, bot esa unga roliga qarab yangi buyurtma, so'rov va chek haqida yozadi — Xodimlar va rollar.
Xorijdan buyurtma (Max tarifi)
Tovarni Xitoy, Turkiya, Koreya, BAA kabi davlatlardan buyurtma asosida olib kelsangiz: xaridor so'rovi va narx taklifi, avans va qoldiq to'lovi, kargo va bojxona summalari, yetkazish bosqichlari va trek-raqam, so'm yoki dollarda. ProSeller yuk tashimaydi va pulni ushlab turmaydi — Xorijdan buyurtma.
Tariflar va bepul sinov
- Tariflar: Start, Pro va Max. Start'da sotish uchun kerakli hamma narsa bor (do'kon va bot, buyurtmalar, to'lovlar, yetkazish, promo kodlar, kanal postlari, o'z brendingiz). Pro'da bunga o'sish modullari qo'shiladi: sodiqlik dasturi, xabarnomalar, konkurslar, oldindan buyurtma, kengaytirilgan analitika, tavsiyalar va AI sotuvchi agent. Max'da yana xorijdan buyurtma va kattaroq limitlar bor.
- Narxlar, mahsulot, xodim va filial limitlari saytdagi «Tariflar» bo'limida; do'koningiz qaysi tarifda ekani va limitlardan qanchasi band ekani admin paneldagi «Tarif va obuna» sahifasida. 3, 6 va 12 oyga to'lovda chegirma bor.
- Ro'yxatdan o'tgach do'kon 14 kunlik bepul sinov bilan darhol ochiladi. Sinovda barcha imkoniyatlar ishlaydi, Max tarifidagi xorijdan buyurtma ham.
- Xorijdan buyurtma rejimi Max tarifida ishlaydi. «So'rov bo'yicha» narx, so'rov va taklif, karta orqali o'tkazma esa barcha tariflarda bor.
Tez orada
Bu imkoniyatlar ustida ish ketmoqda. Hozircha ular ishlamaydi va muddati e'lon qilinmagan:
- Integratsiyalar: Bitrix24, MoySklad, Billz. Ularning kartochkalari «Dastur» bo'limida «Tez orada» belgisi bilan turibdi — Sozlamalar.
- Bo'lib to'lash: Uzum Nasiya va Yandex Split.
- AI yordamchi.
- O'z domeningiz (masalan,
myshop.uz). Hozircha do'kon ProSeller'dagi manzilingizda ochiladi.