ProSeller
Barcha bo'limlar

Promo kodlar, rassilka va giveaway

Promo kod turlari va limitlari, statistika, bot orqali rassilka, giveaway va g'oliblar.

Uchta vosita: promo kod — chegirma berish, rassilka — bot orqali mijozlarga xabar, giveaway — mijozlar qatnashadi, g'oliblar tasodifiy tanlanadi. Kanal va guruhga post yozish — Telegram qo'llanmasida.

Promo kodlar

«Marketing → Promo kodlar» → «Promo kod yaratish».

  1. «Promo kod» — xaridor kiritadigan so'z, masalan BAHOR20. Lotin harflari, raqamlar, - va _; katta-kichik harf farq qilmaydi. «Nomi (ichki, ixtiyoriy)» faqat sizga ko'rinadi.
  2. «Turi»: «Foiz» yoki «Belgilangan summa». Foizli kodga «Maksimal chegirma summasi» qo'yish mumkin — chegirma undan oshmaydi.
  3. «Minimal buyurtma summasi» — savatdagi mahsulotlar summasi bundan kam bo'lsa, kod ishlamaydi.
  4. «Cheklovlar»: «Jami necha marta» va «Bir mijozga» (bo'sh — cheksiz), «Boshlanish» va «Tugash» vaqti.
  5. «Shaxsiy kod (faqat shu mijoz uchun)» — mijozni ism yoki telefon bo'yicha toping: kodni faqat u ishlata oladi.
  6. «Saqlash».

Chegirma mahsulotlar summasidan hisoblanadi, yetkazib berish narxiga tegmaydi. Xaridor kodni buyurtma berishda «Promo kod» maydoniga yozib, «Qo'llash»ni bosadi; kod ishlamasa, xabar shu yerning o'zida chiqadi.

Promo kodlar ro'yxati: holat, foydalanish soni va tezkor tugmalar
Promo kodlar ro'yxati: holat, foydalanish soni va tezkor tugmalar

Ro'yxatda har bir kodning holati ko'rinadi: Faol, Rejalashtirilgan, Muddati o'tgan, Limit tugagan, O'chirilgan. «Faol» tugmasi kodni bir bosishda to'xtatadi. Statistika belgisi kod sahifasini ochadi: «Foydalanishlar soni», «Berilgan chegirma», «Daromad» (to'langan buyurtmalardan) va kod ishlatilgan har bir buyurtma.

  • Buyurtma bekor qilinsa, kodning ishlatilishi qaytariladi — limitda joy bo'shaydi.
  • Ishlatilgan kodni o'chirib bo'lmaydi — uni nofaol qiling. Limitni ham ishlatilganlar sonidan kam qilib bo'lmaydi.
  • Giveaway va sodiqlik dasturi bergan shaxsiy kodlar ham shu ro'yxatda turadi.

Rassilka

Rassilka do'kon boti orqali mijozlarning Telegram'iga boradi. Uni Telegram orqali kirgan va botni bloklamagan mijozlar oladi — ularning soni «Xabar oladigan mijozlar» kartasida.

  1. «Marketing → Rassilka (Newsletter)» → «Yaratish».
  2. «O'zbekcha xabar matni» — majburiy. **«Ruscha xabar matni»**ni ham yozing: rus tilidagi mijozlar shuni oladi, bo'sh qolsa — o'zbekchasini.
  3. «Media turi»: «Matn» yoki «Rasm» (bitta rasm). Rasm bilan matn 1024 belgigacha, rasmsiz — 4096 gacha; hisoblagich maydon ostida.
  4. «Kimlarga yuboramiz?» — «Barcha mijozlar», «Faqat o'zbek tilidagilar» yoki «Faqat rus tilidagilar»; qavs ichida har birining soni.
  5. «Sinov xabari» — xabar sizning Telegram'ingizga mijozlar ko'radigan ko'rinishda keladi (o'zbekcha matn bilan). Buning uchun «Mening profilim»da Telegram ID'ingiz bo'lsin va do'kon botiga bir marta /start yuborgan bo'ling.
  6. «Yuborish vaqti» bo'sh bo'lsa — «Hozir yuborish»; vaqt tanlansa (90 kungacha oldinga) — «Rejalashtirish». «Saqlash» qoralama sifatida saqlaydi.
Yangi rassilka: matn, media, auditoriya va vaqt
Yangi rassilka: matn, media, auditoriya va vaqt

Xabarlar birin-ketin yuboriladi, rassilka sahifasida jarayon ko'rinadi: «N mijozdan M tasiga yetkazildi». Rejalashtirilgan rassilkani vaqti kelguncha tahrirlash yoki «Bekor qilish» mumkin. Yuborish to'xtasa (bot uzilgan, token bekor qilingan), sababi yoziladi — muammoni tuzatib **«Davom ettirish»**ni bosing: xabar faqat hali olmaganlarga boradi, hech kim ikki marta olmaydi.

Giveaway

Mijozlar bot havolasi orqali yoki do'kondagi «Giveaway'lar» sahifasida (Profil → Giveaway'lar; giveaway davom etayotganda bosh sahifada ham kartochka chiqadi) bir bosishda qatnashadi. Belgilangan vaqtda g'oliblar tasodifiy tanlanadi. Telegram bot ulangan bo'lishi kerak.

  1. «Marketing → Giveaway» → «Yaratish».
  2. «Sarlavha» va «Giveaway ta'rifi» — shartlar va sovg'a haqida.
  3. «Sovrin turi»:
    • «Chegirma (har g'olibga shaxsiy promo kod)» — foiz yoki summa;
    • «Mahsulot» — qaysi mahsulot berilishini yozing; uni o'zingiz topshirasiz.
  4. «Sovrinlar soni» — 1 dan 100 gacha g'olib.
  5. «Kimlar uchun»: «Barcha mijozlar» yoki «Faqat yangi obunachilar» — giveaway yaratilgandan keyin do'konga kelganlar (havola orqali birinchi marta kelgan odam ham shunga kiradi).
  6. «Tugash sanasi» — g'oliblar aynan shu paytda tanlanadi (ko'pi bilan bir yil oldinga).
  7. «Saqlash».

Saqlangach giveaway sahifasida «Ulashish havolasi» chiqadi — uni «Nusxalash» bilan oling va kanal postiga, Instagram'ga qo'ying yoki tanishlarga yuboring. Havolani bosgan odam botni ishga tushiradi va darhol qatnashchi bo'ladi; bot unga ishtirokchilar sonini va g'oliblar aniqlanadigan vaqtni yozadi. Qayta bosish ikkinchi imkoniyat bermaydi.

Adolatli tanlov. Tugash vaqtida g'oliblar ishtirokchilar orasidan tasodifiy tanlanadi — bir marta; qayta tanlab ham, qo'lda tanlab ham bo'lmaydi. Ishtirokchilar sovrindan kam bo'lsa, hammasi yutadi. Oldinroq yakunlash uchun **«Hozir yakunlash»**ni bosing. Yakunlangan giveaway'ni o'zgartirib bo'lmaydi.

«G'oliblar» jadvalida ism, telefon, promo kod va xabar holati bor. Bot har bir g'olibni tabriklaydi: chegirmada — faqat unga tegishli, bir marta ishlatiladigan va 30 kun amal qiladigan promo kod yuboradi; mahsulotda — «tez orada bog'lanamiz» deb yozadi. Xabar yetmasa (masalan, botni bloklagan), sababi ko'rinadi — telefon orqali bog'laning.

Tekshirilgan: 19.10.2026

Keyingi: Sodiqlik dasturi

14 kun barcha imkoniyatlar bilan bepul.

Bepul boshlash