ProSeller
Barcha bo'limlar

Sodiqlik dasturi

Ball to'plash qoidalari, mukofotlar, qo'lda tuzatish, analitika va «Bonuslarim» bo'limi.

Sodiqlik dasturida mijoz ro'yxatdan o'tish, xarid va sharh uchun ball to'playdi, keyin ballarni chegirmaga almashtiradi. Ball so'mga teng emas: qancha ball berish va mukofot necha ball turishini o'zingiz belgilaysiz.

Dasturni yoqish

«Sodiqlik dasturi → Ballar» sahifasining tepasidagi tugma bilan dasturni yoqing. O'chiq paytda ball berilmaydi, mukofot olib bo'lmaydi va xaridor ilovasida «Bonuslarim» bo'limi ko'rinmaydi.

Ballar sahifasi: dastur holati, ball to'plash qoidalari va mukofotlar
Ballar sahifasi: dastur holati, ball to'plash qoidalari va mukofotlar

Ball to'plash qoidalari

«Ballar to'plang» blokida to'rtta qoida bor, boshida hammasi o'chiq. Kerakli qoidada **«Sozlash»**ni bosing, **«Beriladigan ballar»**ni kiriting, **«Faol»**ni yoqing va saqlang.

QoidaBall qachon beriladi
Ro'yxatdan o'tganlik uchunYangi mijoz do'konga birinchi marta kirganda — bir marta
Har bir buyurtma uchunBuyurtma «Yakunlangan» bo'lganda — summasidan qat'i nazar, belgilangan ball
Xaridlar summasi uchunYakunlangan buyurtmalar jami «Qancha xariddan keyin? (so'm)» summasiga yetganda — bir marta
Sharh uchunMahsulotga yozilgan sharh «Izohlar» bo'limida tasdiqlanganda

O'ngdagi «Xulosa» qoida qanday ishlashini bir gap bilan ko'rsatadi. «Sarlavha» va «Tavsif»ni o'zgartirish mumkin — sarlavha xaridorning ballar tarixida ko'rinadi (buyurtma uchun berilgan ballda — buyurtma raqami).

Mukofotlar: ballarni ishlatish

  1. «Ballarni ishlatish» blokida «Mukofot qo'shish» → «Foizli chegirma» yoki «Summali chegirma».
  2. «Sarlavha» (masalan, «10% chegirma») — xaridor shu nomni ko'radi.
  3. «Kerakli ballar» va «Chegirma foizi» yoki «Chegirma summasi».
  4. «Faol» va «Saqlash».

Xaridor mukofotni olganda ballari yechiladi va unga shaxsiy promo kod beriladi: faqat u ishlata oladi, bir marta, 30 kun ichida. Kod buyurtma berishda «Promo kod» maydoniga kiritiladi va promo kodlar ro'yxatida ham «shaxsiy» belgisi bilan turadi — xaridor kodni yo'qotsa, shu yerdan topib berasiz.

Mukofotni o'chirsangiz, avval berilgan kodlar amal qilishda davom etadi. Vaqtincha to'xtatish uchun «Faol»ni o'chiring — xaridor uni ko'rmaydi.

Analitika va qo'lda tuzatish

«Sodiqlik dasturi → Analitika»:

  • «Ballari bor mijozlar», «Jami berilgan ballar», «Ishlatilgan ballar» (berilganlarning necha foizi) va «Mijozlardagi qoldiq» — hali ishlatilmagan ballar, ya'ni kelajakdagi chegirmalaringiz.
  • «Eng ko'p ballga ega mijozlar» — 10 ta mijoz: balans, jami olgan ballari va buyurtmalari.
  • Pastda barcha amallar tarixi: mijoz, telefon yoki sabab bo'yicha qidiruv va «Amal turi» filtri («Olindi», «Ishlatildi», «Qo'lda tuzatish»).

Ballarni qo'lda qo'shish yoki ayirish uchun jadvaldagi mijoz qatorida **«Tuzatish»**ni bosing: musbat son qo'shadi, manfiy son ayiradi (masalan, 100 yoki -50). «Sabab» majburiy va xaridorning ballar tarixida ham ko'rinadi. Balans noldan pastga tushmaydi.

Mijozning joriy balansi uning kartasida ham bor: «Mijozlar» → mijoz → «Sodiqlik ballari».

Xaridor nimani ko'radi

Dastur yoqilganda xaridor ilovasida «Profil» → «Bonuslarim» bo'limi paydo bo'ladi:

  • «Ballaringiz» — joriy balans;
  • «Ballarni almashtirish» — faol mukofotlar; ball yetarli bo'lsa, «Olish» tugmasi ishlaydi. Bosilgach promo kod, uning amal qilish muddati va nusxalash tugmasi chiqadi;
  • «Tarix» — har bir ball qayerdan kelgani va qachon yechilgani.

14 kun barcha imkoniyatlar bilan bepul.

Bepul boshlash